Mahsulot to’plamlari ham bo’limlarga o’xshab mahsulotlarni guruhlash imkoniyatini beradi, faqat ularni boshqacha guruhlashda ishlatish mumkin. Bo’limlardan mahsulot turini guruhlashda foydalangan ma’qul. To’plamlar esa asosan ikki maqsadda ishlatiladi.
Birinchisi bu mahsulotlarni sotilishi bilan bog’liq guruhlash. Masalan, siz ba’zi mahsulotlaringizga bayram munosabati bilan chegirma e’lon qilmoqchisiz, unda Bayram nomli to’plam yaratasiz va o’sha mahsulotlarni shu to’plamga bog’laysiz. Keyin saytingizda Bayram chegirmalari nomli menyu bandi yaratasiz va unga Bayram to’plamini biriktirasiz, ya’ni menyu bandi bosilganda faqat Bayram to’plamiga oid mahsulotlar chiqadi.
Ikkinchi holat texnik maqsadda amalga oshiriladi. Masalan, siz ma’lum bir mahsulotlarni asosiy sahifaga chiqarmoqchisiz, unda Asosiy sahifa nomli to’plam yaratasiz va u mahsulotlarni to’plamga bog’laysiz. Asosiy sahifaga esa dizayner yordamida to’plam mahsulotlari vidjetini qo’shasiz. Bu ishni bo’lim mahsulotlari vidjeti yordamida to’plamsiz ham amalga oshirsa bo’lar edi-ku degan savol tug’ilishi tabiiy. Gap shundaki, asosiy sahifada ko’rishni xohlagan mahsulotlaringiz bitta bo’limga oid bo’lmasligi mumkin. Masalan, biri Ayollar bo’limiga, ikkinchisi esa Erkaklar bo’limiga oid bo’lishi mumkin.
To’plam qo’shish, o’zgartirish va o’chirish Katalog > To’plamlar sahifasidan amalga oshiriladi.